Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va lizing sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida «Toshkent Traktor Zavodi» MCHJ hududida «Autosanoat Agro Lizing» MCHJ markaziy ofisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda hududiy filiallari xodimlari ishtirokida kollegial yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2025-yil yakunlari sarhisobi taqdim etilib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tashrif davomida ishtirokchilar zavodda bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari va ishlab chiqarish jarayonining asosiy bosqichlari bilan tanishdilar.
Yig‘ilishda Jamiyat Bosh direktori Burhan Karimov ma’ruza bilan chiqib, 2025-yil yakunlari bo‘yicha faoliyat natijalari va erishilgan ko‘rsatkichlar, shuningdek kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Bosh direktor o‘rinbosarlari O. Sayfullayev va R. Atakulov, yuridik bo‘lim boshlig‘i Sh. Rajabov hamda komplaens xizmati mutaxassisi U. Sultanbayevlarning hisobotlari tinglandi.
Ayni paytda «Autosanoat Agro Lizing» MCHJ yetakchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jumladan «Toshkent Traktor Zavodi» MCHJ va «UzClaasAgro» MCHJ bilan hamkorlikda klaster va fermer xo‘jaliklarini lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlab kelmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida traktorlar, don va paxta yig‘im-terim kombaynlari, shuningdek boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari yetkazib berilmoqda.