Ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” AJ tomonidan qurilish tashkilotlaridan biri bilan tuzilgan shartnoma shartlari go‘yoki bajarilmagani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan kompaniya quyidagilarni ma’lum qiladi.
“UzAuto Motors” AJ 2024-yil yanvar oyida pudrat tashkilotlaridan biri bilan ta’mirlash ishlarini bajarish bo‘yicha tegishli shartnoma tuzilganligini tasdiqlaydi. Shartnoma ijrosi jarayonida bajarilgan ishlar sifati bo‘yicha tomonlar o‘rtasida ayrim kelishmovchiliklar yuzaga kelgan va ushbu masala amaldagi tartibda sud muhokamasida ko‘rib chiqilgan.
Ayni paytda mavjud hujjatlar huquqiy baho berish hamda tegishli qaror qabul qilinishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Bundan tashqari, pudrat tashkiloti “O‘zavtosanoat” AJga murojaat yuborgan va mazkur murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, Komplaens xizmati tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda, uning yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
“O‘zavtosanoat” AJ barcha murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablari doirasida amalga oshiradi.