KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH MASALALARIGA BAG‘ISH...
2025 yil 14 may kuni “O‘zavtosanoat” AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
O‘quv mashg‘ulotida Jamiyat Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari B. Rahmonov, Komplayens xizmati rahbari A. Odilov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili M. Rasulov ishtirok etib, jamiyat va uning tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan rahbarlar hamda xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ma’lumotlar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda va jamiyatda amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlar mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berib, taqdimotlar o‘tkazdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 fevraldagi PQ–71-sonli hamda 2025 yil 21 apreldagi PQ–147-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan tizimli islohotlar haqida ham ma’lumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, komplayens tizimining samarali yo‘lga qo‘yilgani, ochiqlik va shaffoflikning ta’minlanayotgani, shuningdek, xodimlar bilimlarining tizimli ravishda oshirilayotgani natijasida “O‘zavtosanoat” AJ 2024 yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksida 89,30 ball, hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reytingida 86 ball bilan yuqori natijalarga erishgani e’tirof etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili mazkur samaradorlik kelgusida ham davom etishiga umid bildirdi.
Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi.