Dam olish kunlari “Oʻzavtosanoat” AJ tizim korxonalari o‘ratsida “Oʻzavtosanoat kubogi-2025” futbol turniri boʻlib oʻtdi.
Turnirda Oʻzavtosanoat tizimiga kiruvchi yirik korxonalar – “UzAuto Motors” AJ Asaka zavodi, “UzAuto Motors” AJ Xorazm filiali, “UzAuto Motors PowerTrain” AJ, “Uz Koram Co” MChJ, “O‘zAuto-Austem” MChJ, Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto), “Toshkent Traktor zavodi” MChJ jamoalari ishtirok etishdi.
Final o‘yinida UzAuto jamoasi “UzAuto Motors” Asaka zavodi jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, kubok sohibiga aylandi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda esa “UzAuto Motors Powertrain” jamoasi “O‘zAuto-Austem” jamoasidan ustun kelib, bronza medaliga ega chiqdi.
Turnir doirasida “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘purar” kabi to‘rt nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar ham alohida taqdirlandi.
Musobaqa sportni rivojlantirish va sog‘lom hayot tarzini ommalashtirishda, shuningdek, jamoalar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Keyinchalik bu kabi turnirlarni yanada ko‘proq jamoalarni jalb qilgan holda o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.